Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida yosh qizga shahvoniy shilqimlik qilgan mahalla raisi maʼmuriy qamoq jazosiga tortildi. Bu haqida Kun.uz nashri xabar berdi.
Sud qarorida keltirilishicha, 1977 yilda tug‘ilgan I.R. Marg‘ilon shahridagi “Xo‘ja porso” MFY raisi lavozimida ishlab kelgan. U 2025 yil 7 iyun kuni soat 14:00 da MFY binosida 2007 yilda tug‘ilgan M.M.ga shilqimlik qilgan. Rais qizga uning bo‘yi pastligi va bo‘yni bukilib qolayotganini aytib, xohishiga zid ravishda mashq qildirish bahonasida belidan ushlagan.
Jabrlanuvchi M.M. esa mahalla raisi o‘zini mehribon qilib ko‘rsatib, turli jismoniy mashqlarni qilishga o‘rgatmoqchi bo‘lganini aytgan.
Sud qarori bilan mahalla raisi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi. Unga 4 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.


