Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, kecha, 7-avgust kuni Bishkekdan Toshkentga uchib kelgan O‘zbekiston fuqarosi qonuniy tartibda to‘xtatilib, bojxona nazorati xodimlari tomonidan shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Ko‘rik davomida ushbu fuqaroning ichki kiyimlari ichiga yashirilgan, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rov jarayonlarida maʼlum qilinmagan og‘irligi 412 grammni tashkil qiluvchi sariq va oq rangli metalldan yasalgan, olmos toshlari bilan bezatilgan zargarlik buyumlari borligi aniqlangan.
So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur zargarlik buyumlarining qiymati 550 mln so‘m etib belgilangan.
Hozirda aniqlangan zargarlik buyumlari ashyoviy dalil sifatida saqlovga olinib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


