Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani prokuror o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 27 aprel kuni soat 18:30 larda Farg‘ona viloyati prokuraturasi DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazgan.
Tadbirda Qo‘shtepa tumani prokuror o‘rinbosari tanishlari orqali sudning ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha aybdor shaxsga nisbatan jazo qo‘llanilishida yengillik qilib berishni aytib, aldov yo‘li bilan ishonchni suiisteʼmol qilib, kelishilgan 2 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 28,211 (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


