Germaniya Bundestagi mamlakatda harbiy xizmatning yangi modeli bo‘yicha qonunni ma’qulladi. Qonun loyihasi mudofaa vaziri Boris Pistorius tomonidan taqdim etilib, unda yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va harbiy ro‘yxatga olish tizimini tiklash nazarda tutilgan. Parlament a’zolarining ko‘pchiligi tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2027-yilning iyulidan boshlab 18 yoshga to‘lgan barcha yigitlar Mudofaa vazirligi bazasidan ro‘yxatdan o‘tishi, salomatligi haqida ma’lumot taqdim etishi va harbiy xizmatga borish yoki bormaslik istagini bildirishlari shart bo‘ladi. Qizlar esa xohishiga ko‘ra ushbu jarayonda ishtirok etishi mumkin. Biroq bu tartib ularning avtomatik tarzda xizmatga chaqirilishini anglatmaydi.
Agar armiyaga zarur bo‘lgan chaqiruvchilar soni yetarli bo‘lmasa, maxsus mexanizm — lotereya yoki boshqa tanlash usuli orqali chaqiruv joriy etilishi mumkin. Bunday qaror faqat parlament alohida ovoz bergandan so‘ng kuchga kiradi. Harbiy xizmatning minimal muddati olti oy etib belgilangan.
Qonun mamlakat bo‘ylab muhokamalarga sabab bo‘ldi va bir qator shaharlarida majburiy xizmatga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Germaniya 2011-yilda majburiy harbiy xizmatni bekor qilgan edi, endi esa global xavfsizlik muhitidagi o‘zgarishlar fonida tizim qayta ko‘rib chiqilmoqda.


