Germaniya matbuot erkinligi bo‘yicha dunyo reytingida ilk bor top-10likdan chiqdi, deb xabar berdi “Chegarasiz muxbirlar” (RSF) tashkiloti. Mamlakat bir pog‘ona pastlab, 11-o‘ringa tushib ketdi. Bunga asosiy sabab sifatida jurnalistlarga nisbatan o‘ng radikal kuchlarning tajovuzi va tahdidlari ko‘rsatildi.
Jahon reytingida Norvegiya yetakchilik qilmoqda, undan keyin Estoniya va Niderlandiya keladi. Eng oxirgi o‘rinlarni esa Xitoy, Shimoliy Koreya va Eritreya egallagan. RSF reytingi 3-may — Jahon matbuot erkinligi kuni arafasida e’lon qilinadi va siyosat, qonunchilik, iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy sharoit hamda xavfsizlik yo‘nalishlari bo‘yicha baholanadi.
RSF rahbari Anya Osterhausga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ahvol keskin yomonlashgan. Bugungi kunda dunyo aholisining yarmi matbuot erkinligi juda past bo‘lgan mamlakatlarda yashaydi, jurnalistlar esa ko‘pincha iqtisodiy bosim va jismoniy tahdid ostida qolmoqda.


