Gretsiyaning Korfu aeroportidan parvoz qilgan Condor Airways’ning Boeing 757-300 samolyotida favqulodda holat yuz berdi. Samolyotda 273 yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Parvoz boshlangandan bir necha daqiqa o‘tib samolyotning o‘ng dvigateli yonib ketgan. Bu haqda “Philenews” xabar berdi.
Guvohlarning aytishicha, samolyot havoga ko‘tarilganidan so‘ng portlashga o‘xshash ovoz eshitilgan, oradan ko‘p o‘tmay dvigatel yongan. Xabarlarga ko‘ra, samolyot balandligi 450 metrga yetganida nosozlik yuzaga kelgan. Uchuvchilar dvigatelni o‘chirishga harakat qilgan, biroq bunga muvaffaq bo‘lmagan.
Korfu aeroportida favqulodda holat signali e’lon qilingan bo‘lsa-da, uchuvchilar bir dvigatel yordamida parvozni davom ettirishga qaror qilgan. Shundan so‘ng samolyot 8 ming fut balandlikka ko‘tarilib, xavfsiz tarzda Italiyadagi Brindizi aeroportiga qo‘ngan.
Condor Airways rasmiy bayonotida: “Yo‘lovchilar xavfsizligi biz uchun birinchi o‘rinda. Har qanday noqulaylik uchun uzr so‘raymiz”, deya ma’lum qilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagani bildirilgan.


