17 avgust, yakshanba kuni bir necha yuz ming kishi Tel-Avivda ko‘chalarga chiqib, Isroil hukumatidan Falastinning HAMAS radikal islomiy harakati bilan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishishni talab qildi.
Dastlab maydonga 150 mingga yaqin odam kelgan. Ularga yana 70 ming kishi qo‘shildi, ular garovga olinganlarning oila aʼzolari bilan birga Savidor Merkaz temir yo‘l vokzalidan aksiya o‘tkaziladigan joyga borishdi. Ular orasida isroillik mashhur aktrisa Gal Gadot ham bor edi. Keyinchalik yig‘ilganlar soni ko‘paydi. Quddusda Isroilning sobiq prezidenti Reuven Rivlin garovga olinganlarni ozod qilish va HAMAS bilan kelishuvga erishish uchun namoyishga qo‘shildi.
Namoyishchilar Isroil rasmiylarining G‘azo sektoridagi urushni kengaytirish qaroriga qarshi chiqishdi va falastinlik terrorchilar qo‘lida bo‘lganlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borish tarafdori bo‘lishdi.
Isroilning “Channel 12” telekanali isroillik rasmiyga tayanib, mamlakat rasmiylari o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha qisman kelishuvga erishish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida xabar berdi.
“Isroil hozircha faqat keng qamrovli kelishuvga erishishga tayyor. Ammo urushni tugatish bo‘yicha hal etilmagan masalalar juda ko‘p”, dedi rasmiy.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu yaqin-yaqingacha “barcha garovga olinganlar bo‘yicha keng qamrovli kelishuv”ni taʼkidlab kelgan va uning barcha talablari bajarilmaguncha urushni to‘xtatish niyatida emas edi.
Isroilning hisob-kitoblariga ko‘ra, HAMAS qo‘lida bir necha o‘nlab garovga olinganlar, shuningdek, 300 nafar halok bo‘lganlarning jasadlari qolmoqda.
Isroil xavfsizlik mahkamasi 8-avgust kuni HAMASni “mag‘lubiyatga uchratish” va G‘azo shahrini harbiy nazoratga olish rejasini tasdiqladi. Bu qaror urushni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro chaqiriqlar kuchayib borayotganiga qaramay qabul qilindi.


