Reuters agentligining xabar berishicha, “Hamas” harakati G‘azodagi harbiy to‘qnashuvlar yakunlangani va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirganini e’lon qildi.
Harakatning muzokaralar bo‘yicha vakili Xalil al-Xayya telemurojaat orqali bergan bayonotida, urushning uzil-kesil tugaganiga AQSh hamda xalqaro vositachilar tomonidan kafolat berilganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tuzilgan kelishuvga binoan Rafeh chegara punkti ikki tomondan ochiladi. Shuningdek, Isroil tomonidan barcha falastinlik ayollar va voyaga yetmagan mahbuslar ozod qilinadi.
Bundan tashqari, umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 250 nafar falastinlik, urush boshlangandan beri qo‘lga olingan 1700 nafar g‘azolik fuqarolar ham ozod etilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ham G‘azodagi urush yakunlanganini va endilikda hududni tiklash ishlari boshlanishini bildirgan edi.


