1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Putin Azal samolyoti halokatida Rossiya javobgarligini tan oldi

Rossiya prezidenti Dushanbe sammitida Ozarbayjon rahbari bilan uchrashuvda hodisa bo‘yicha to‘liq izoh berdi.

Putin Azal samolyoti halokatida Rossiya javobgarligini tan oldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024-yil dekabr oyida “Azerbaijan Airlines” aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyotining halokati yuzasidan Rossiya tomoni mas’ul ekanini ilk bor rasman tan oldi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Boku–Grozniy yo‘nalishida parvoz qilgan Embraer E190 samolyoti Ukraina dronlarining Checheniston hududiga hujumlari tufayli yo‘nalishini o‘zgartirib, Kaspiy dengizi uzra uchgan va Qozog‘iston tomon yo‘l olgan. Avariya natijasida bortdagi 67 yo‘lovchidan 38 nafari halok bo‘lgan, 29 kishi tirik qolgan edi.

 

Ozarbayjon tomoni samolyot Rossiya havo mudofaasi tizimi tomonidan adashib urib tushirilganini bildirgan, biroq Moskva avvaliga bu ayblovni rad etgan edi. Ushbu masala ikki davlat o‘rtasida diplomatik taranglikni yuzaga keltirgandi.

 

9-oktabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammiti doirasidagi uchrashuvda Putin ilk bor bu fojia yuzasidan batafsil izoh berdi:

 

“Fojia aynan Rossiya osmonida sodir bo‘lgani uchun biz avvaldan uzr so‘raganmiz va qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirganmiz. Bugun tergov yakunlanmoqda va sabablari aniq: o‘sha kuni Rossiya havo hududida Ukraina dronlari kuzatilgan, shuningdek, havo mudofaasi tizimida texnik nosozliklar mavjud bo‘lgan,” — dedi Putin.

 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ikki raketa samolyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri urilmagan, portlash zarbalari samolyotga shikast yetkazgan. Uchuvchi hodisani qushlar bilan to‘qnashuv deb o‘ylab, dispetcherlarga bu haqda xabar bergan.

 

Rossiya rahbari barcha zarur choralar, jumladan, kompensatsiya to‘lovlari va aybdor mansabdor shaxslar faoliyatiga huquqiy baho berilishini ma’lum qildi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика