Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchesning maʼlum qilishicha, Andalusiya avtonom hududining Kordova provinsiyasida yuz bergan ikki tezyurar poyezd to‘qnashuvi ortidan 20-yanvar yarim tundan 23-yanvar yarim tungacha rasmiy motam eʼlon qilinadi. Hukumat fojia sabablarini o‘rganishda mutlaq shaffoflik taʼminlanishini bildirdi. Bu haqda ria novosti nashri xabar berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, 18-yanvar kuni kechqurun Kordova provinsiyasida Malaga–Madrid va Madrid–Uelva yo‘nalishlarida harakatlanayotgan ikki tezyurar poyezd to‘qnashgan. Ispaniya transport vaziri Ossar Puente xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida 39 kishi halok bo‘lgan, jarohatlanganlar soni esa 152 nafarga yetgan. Ulardan kamida 12 nafari og‘ir ahvolda reanimatsiyaga joylashtirilgan.
Temir yo‘l infratuzilmasi operatori Adifning bildirishicha, avval Madrid tomonga ketayotgan Iryo kompaniyasiga tegishli poyezd relsdan chiqib ketgan va taxminan 20 soniyadan so‘ng qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan Renfe kompaniyasining Alvia poyezdi bilan to‘qnashgan. Hodisa vaqtida ikkala poyezdda ham qariyb 400 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
Transport vazirligi halokat sabablari hozircha aniqlanmaganini maʼlum qildi. Renfe prezidenti Alvaro Fernandes Heredia ushbu hodisani “g‘ayrioddiy” deb baholab, inson omili deyarli istisno qilinayotganini taʼkidladi. Maʼlum bo‘lishicha, relsdan chiqqan poyezd yangi bo‘lib, avariyadan uch kun oldin texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Ushbu voqea Ispaniyada 2013-yilda Santyago-de-Kompostelada sodir bo‘lgan va 80 kishi halok bo‘lgan temir yo‘l falokatidan keyingi eng yirik halokat sifatida qayd etildi. Hodisadan so‘ng Madrid va Andalusiya o‘rtasidagi yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.
