Janubiy Koreya maxsus prokuraturasi sobiq prezident Yun Sok Yolga nisbatan 2024-yil dekabrida kiritilgan favqulodda holat (martial law) bo‘yicha to‘ntarish rejasini boshqarishda ayblanib, o‘lim jazosini so‘radi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
So‘nggi tergovlarga ko‘ra, Yun va sobiq mudofaa vaziri Kim Yong-hyun 2023-yil oktabridan boshlab hokimiyatni qo‘lida ushlab turish uchun maxfiy reja tuzganlikda ayblanmoqda.
Prokurorlar ta’kidlashicha, Yun “liberal demokratiyani himoya qilish” maqsadida favqulodda holat e’lon qilganini iddao qilsa-da, uning harakati konstitutsiyaga zid bo‘lib, Milliy Assambleya va Saylov Komissiyasi funksiyalarini izdan chiqargan hamda liberal demokratik tartibni buzgan. Prokurorlar Yun jinoyatni chin dildan afsuslanmagan va xalqdan to‘g‘ri kechirim so‘ramagan deb hisoblamoqda.
Sobiq prezident 65 yoshda bo‘lib, ayblovlarni rad etmoqda. Yonhap agentligiga bergan bayonotida u favqulodda holatni “mamlakatni vayron qilishi mumkin bo‘lgan yovuzlikdan himoya qilish” uchun e’lon qilganini ma’lum qilgan. Yun, shuningdek, bu chorani prezident vakolatlari doirasida qabul qilganini va uning maqsadi hukumat ishlarini to‘sib qo‘ygan muxolif partiyalarni ogohlantirish bo‘lganini aytmoqda.
Sudning yakuniy qarori 2026-yil fevral oyida qabul qilinishi kutilmoqda. Sobiq prezidentlar Chon Du-xvan va Ro Te-U ning 1995-1996-yilgi ishlarida ham prokurorlar o‘lim jazosini so‘ragan bo‘lsa-da, apellyatsiya sudlari hukmlarni yumshatgan va ular qisqa muddat qamoqda o‘tirib, keyin prezident tomonidan avf olingan. Shu bilan birga, Janubiy Koreyada so‘nggi o‘lim jazosini bajarish 1997-yildan beri amalga oshirilmagan.


