Jizzax viloyatining Forish tumanida 37 nafar bola ovqatdan zaharlandi. Bu haqida tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 9 oktyabr kuni soat 9:00 lardan 16:00 ga qadar bo‘lgan vaqt davomida Forish tumani maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limiga qarashli 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar tarbiyalanuvchilari isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketish va holsizlik kabi shikoyatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilishgan.
Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida murojaat qilib kelgan bolalar 8 oktyabr kuni maktabgacha taʼlim muassasalarida biokefir, sir va sariyog‘ kabi mahsulotlari isteʼmol qilishganligi aniqlanib, ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Aniqlanishicha, Jizzax viloyati sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga asosan Forish tumani maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limiga qarashli 1, 3, 5 va 7-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ommaviy zaharlanish yuzaga kelishida oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash, ishlov berish jarayonlaridagi sanitariya qoida va normalarining buzilishi holatlari mavjudligi sababli inson organizmida oshqozon ichak hazm qilish tizimining buzilishiga olib kelishi mumkinligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi bilan 082352/2025-24-fg sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


