Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Qushrabot tumanidagi 71-maktabda kotiba tomonidan 3-sinf o‘quvchisiga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganini aks ettiruvchi video tarqaldi. Videoda maktab xodimasining voyaga yetmagan bolaga shapaloq urayotgani aks etgan bo‘lib, holat jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi voqea bo‘yicha rasmiy bayonot berib, holat yuzasidan maxsus tezkor guruh tuzilganini ma’lum qildi. Guruh a’zolari hodisa joyiga yetib borib, maktab rahbariyati, xodimlar hamda guvohlarning izohlarini yig‘moqda.
Hozirda tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa o‘quvchi va maktab kotibasi o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik ortidan yuz bergan.
Boshqarmaning ma’lum qilishicha, tekshiruv natijalari yakuniga yetgach, voqea ishtirokchilarining harakatlariga qonunchilik asosida huquqiy baho beriladi. Mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar tergov harakatlari yakunlangach e’lon qilinadi.


