Koronavirus pandemiyasi tugagandan so‘ng, insoniyat qashshoqlik, ochlik, tengsizlik, kasalliklar, iqlim o‘zgarishi va boshqa inqirozlarga duch keladi. Bunday prognozni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adan Gebreyesus maʼlum qildi.
JSST Bosh direktori salomatlikni mustahkamlash bo‘yicha 10-global konferensiyada so‘zga chiqib, hukumatlarni “odamlar va sayyoramiz salomatligi va farovonligiga asoslangan iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga” chaqirdi.
"Davlatlarning saʼy-harakatlari zamirida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy barqarorlikning asosi bo‘lgan aholini tibbiy xizmatlar bilan to‘liq qamrab olishga erishish bo‘lishi kerak", — deydi JSST rahbari.
Avvalroq, JSST koronavirusni o‘rganadigan va bo‘lajak pandemiyaning oldini olish bo‘yicha ish olib boradigan 26 nafar olimdan iborat yangi guruh ro‘yxatini eʼlon qilgan edi.


