
Kongress doirasida bir qator tadbirlar belgilangan. Jumladan, nashrdan chiqqan kitob-albomlarning yangi jildlarini jahon muzey va kutubxonalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Butunjahon jamiyatining navbatdagi kongressida O‘zbekiston, Rossiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Vengriya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Yaponiya, Albaniya, Avstriya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Gretsiya, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Eron, Xitoy, Livan, Mo‘g‘uliston, BAA, Niderlandiya, Ukraina, Polsha singari 40 ga yaqin mamlakatdan 350 nafar tarixchi va sharqshunos olimlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Kongress O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining faoliyatiga bag‘ishlangan yalpi yig‘ilish bilan boshlanadi. Shuningdek, Butunjahon jamiyatining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasi muhokama qilinadi.
Anʼanaga ko‘ra, kongress O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati va yakuniy rezolyutsiyasini qabul qilish bilan yakunlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro kinofestivalining ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshlagani, “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi uyg‘onish davri poydevori” V Xalqaro Kongressi o‘tkazilishi, 14-15 sentabr kunlari Xivada “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” Xalqaro madaniyat forumi o‘tkazilishi hamda Turk kinosining “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida namoyish etilishi haqida xabar qilingandi.


