“Sobiq Prezident Hamid Karzay bilan “Tolibon” ning muzokara uchun kelgan jamoasi va siyosiy ofis rahbarlarini kutib oldik. Hozirgi siyosiy vaziyat yuzasidan fikr almashdik, so‘nggi hodisalar va mamlakatni kelajakda tartibga solishning barcha muhim tomonlarini muhokama qildik”, — deb maʼlum qilgan Milliy yarashuv kengashi rahbari Abdulla Abdulla. Muzokaralarning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan.
21 avgust kuni “Tolibon” siyosiy qanoti rahbari Mulla Abdulg‘ani Barodar yangi hukumat tuzish masalalarini muhokama qilish uchun Kobulga yetib kelgan. Afg‘onistonda ayni paytda Koordinatsion kengash tuzilgan bo‘lib, u hokimiyatni tinch yo‘l bilan “Tolibon”ga topshirishga masʼul etib belgilangan.
Bundan avval Koordinatsion kengash aʼzolari Panjsherga borgani va viloyatning tinch yo‘l bilan “Tolibon” nazoratiga o‘tishi yuzasidan muzokaralar o‘tkazgani xabar qilingan edi.


