1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Kredit reklamalari tartibga olinadi: “tez pul” shiorlariga chek qo‘yiladi

O‘zbekistonda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga agressiv kredit reklamalarini cheklovchi o‘zgartirish kiritish taklif etildi.

Kredit reklamalari tartibga olinadi: “tez pul” shiorlariga chek qo‘yiladi

O‘zbekistonda mikromoliya va iste’mol kreditlari bozorining tez sur’atlarda kengayib borayotgani fonida, davlat idoralari aholining ortib borayotgan qarzdorligi borasida xavotir bildirmoqda. Raqobat qo‘mitasi va Markaziy bank tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha taklif tayyorlandi.

 

Mazkur tashabbus kredit va mikromoliya tashkilotlarining reklama faoliyatini tartibga solishni, shuningdek, aholiga kredit majburiyatlarining real xavflari haqida ochiq ogohlantirish berishni nazarda tutadi.

 

Taklifga muvofiq, kredit xizmatlari reklamasida kamida 10 foiz joy yoki vaqt fuqarolarni ehtiyotsiz qarz olish oqibatlari to‘g‘risida xabardor etuvchi ma’lumotga ajratilishi lozim. Bu norma Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi mamlakatlar tajribasiga asoslanmoqda.

 

Mutasaddilar qayd etishicha, ayrim reklamalarda “tez pul”, “hujjatsiz kredit” kabi shiorlar orqali aholining moliyaviy qarorlariga bosim o‘tkazilmoqda. Natijada, aholining bir qismi yuqori foizli va murakkab shartli kredit bitimlarini tushunmasdan imzolamoqda.

 

“Taklif etilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarda moliyaviy savodxonlikni oshirish va qarzga nisbatan mas’uliyatli yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi”, — deyiladi Raqobat qo‘mitasi izohida.

 

Mutaxassislar kredit olishdan avval o‘z daromad va xarajatlarini sinchiklab tahlil qilish, shartnomani to‘liq o‘rganish va turli moliyaviy tashkilotlarning takliflarini solishtirish zarurligini eslatmoqda.

 

Yangi tashabbus fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishga, moliyaviy xizmatlar bozorida shaffoflik va ishonchni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, mamlakatda “tez pul — uzoq muammo” davriga barham berish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика