1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Namangandagi pedofilning muddatidan oldin ozodlikka chiqqani yuzasidan bayonot berildi

2025-yil fevral oyida sud qarori bilan unga jazoning o‘talmagan qismi yengilroq jazo — axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilgan.

Namangandagi pedofilning muddatidan oldin ozodlikka chiqqani yuzasidan bayonot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yoshli qizchaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani haqida tarqalgan xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

 

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv choralari natijasida ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlangan fuqaro B.S. aniqlanib, qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudi 2025-yil 16-oktabrda gumonlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llagan.

 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, B.S. ilgari ham og‘ir jinoyat sodir etgani uchun sudlangan. 2020-yil 26-fevralda jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi tomonidan u Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “b” bandi (nomusga tegish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ushbu hukm 2020-yil 8-may kuni qonuniy kuchga kirgan.

 

Ko‘plab fuqarolar tomonidan mahkum nima sababdan jazoni to‘liq o‘tamasdan ozodlikka chiqqani haqida savollar bildirildi.

 

Mazkur masalaga izoh sifatida shuni qayd etish lozimki, 2025-yil 19-fevralda jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi mahkum B.S.ning iltimosnomasini ko‘rib chiqib, unga tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini yengilroq turdagi jazo – axloq tuzatish ishlari bilan almashtirishga qaror qilgan. Bu qaror Jinoyat kodeksining 74-moddasi 3-qismi “v” bandi (2001-yil 29-avgustdagi 254-II-son Qonuni tahriri) asosida qabul qilingan.

 

O‘sha davrda amalda bo‘lgan qonun talablari bo‘yicha, o‘ta og‘ir jinoyat uchun tayinlangan jazoning kamida yarmi o‘tab bo‘linganidan so‘ng, qolgan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish mumkin edi.

 

Biroq, 2023-yil 23-martda qabul qilingan yangi qonun (O‘RQ-825-son) bilan ushbu tartib o‘zgartirildi — endilikda jazoni engilroq jazo bilan almashtirish faqat jazoning kamida uchdan ikki qismi o‘tab bo‘linganidan keyin qo‘llanilishi mumkin.

 

Shuningdek, yangi tahrirda bu o‘zgarishlar faqat yangi qonun kuchga kirgandan keyingi ishlar uchun tatbiq etilishi belgilangan.

 

Amaldagi Jinoyat kodeksining 74-moddasi 5-qismiga muvofiq, jazoni engilrog‘i bilan almashtirish 73-moddaning 4-qismida ko‘rsatilgan toifadagi shaxslar uchun tatbiq etilmaydi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика