Koreya Markaziy telegraf agentligining xabar berishicha, Pxenyanda o‘tkazilgan yirik harbiy paradda “Xvason-20” nomli yangi raketa taqdim etilgan. Agentlik uni “eng qudratli yadro strategik quroli” deb atadi.
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasi tuzilganining 80 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan paraddagi nutqida KXDR Qurolli kuchlarini “har qanday tahdidni yo‘q qila oladigan, yengilmas qo‘shin”ga aylanishga chaqirdi.
Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, “Xvason-20” raketasining uchish masofasi Shimoliy Koreyaga AQSH hududidagi nishonlarga zarba berish imkonini beradi. KXDR armiyasi paradda “Xvason-20”dan tashqari, boshqa eng yangi qurollarni, jumladan gipertovushli raketalarni ham namoyish etdi. Mazkur paradda Rossiya harbiylari ham qatnashdi.
Pxenyanda o‘tkazilgan paradda Xitoy bosh vaziri Li Syan, Vyetnam Kommunistik partiyasi bosh kotibi To Lam hamda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham qatnashdi.


