Fransiya prezidenti Emmanuel Makron to‘rt kun avval isteʼfo bergan Sebastyen Lekornyuni yana mamlakat bosh vaziri etib tayinladi. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.
Yelisey saroyi maʼlumotiga ko‘ra, Lekornyuga Fransiyaning yangi hukumatini shakllantirish vazifasi yuklatilgan.
“Men respublika prezidenti menga yuklagan vazifani masʼuliyat bilan qabul qilaman. Biz yil oxirigacha davlat byudjeti qabul qilinishi va fuqarolarimizning kundalik muammolari hal etilishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Fransiya obro‘si va manfaatlariga zarar yetkazayotgan siyosiy beqarorlikni tugatish lozim”, — deb yozdi Lekornyu o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Sebastyen Lekornyu ilk bor 9 sentyabr kuni bosh vazir etib tayinlangan edi. U Makron so‘nggi ikki yil ichida tayinlagan beshinchi hukumat rahbari hisoblanadi.


