Markaziy bank kredit tashkilotlari faoliyatidagi ularning xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi kamchiliklarni aniqlash, shuningdek ularni bartaraf etish yuzasidan choralarni koʻrib bormoqda.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish yoʻnalishida qonunchilik talablariga rioya etilayotganligi yuzasidan TBC bank, Davr bank va Hamkorbankda oʻrganish oʻtkazilganda, ushbu banklar tomonidan qator qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlandi.
Markaziy bank tomonidan yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qoidabuzarliklar xususiyati, miqyosi, davomiyligi va boshqa holatlar inobatga olingan holda TBC bankka nisbatan 615,0 mln soʻm, Davr bankka nisbatan 931,0 mln soʻm va Hamkorbankka nisbatan 955,0 mln soʻm miqdorida jarima sanksiyasi qoʻllanildi. Shuningdek, aniqlangan holatlarni bartaraf etish, isteʼmolchilarga yetkazilgan zararni qoplash va ularning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan banklarga aniq koʻrsatmalar berdi.
TBC bank tomonidan kreditni qaytarish jadvalida koʻrsatilgan toʻlovlardan koʻp kelib tushgan mablagʻlar belgilangan tartibda qarzdorlikni soʻndirishga yoʻnaltirilmaganligi natijasida qarz oluvchilarga ortiqcha hisoblangan 2,5 mlrd soʻm foizlar hamda kreditlar boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida sud qarorlari chiqarilgandan soʻng qonunga zid ravishda hisoblangan 1,7 mlrd soʻm foizlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Davr bank tomonidan xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar boʻyicha ortiqcha hisoblangan 1,7 mlrd soʻm foizlar, qonunchilikka zid ravishda kredit summasidan ushlab qolingan 1,9 mlrd soʻm mablagʻlar va garov mulkini taqiqqa qoʻyish uchun undirilgan 461,6 mln soʻm toʻlovlar isteʼmolchilarga qaytarib berildi.
Hamkorbankka esa qonunchilikka zid ravishda kredit ajratishda undirilgan 19,2 mlrd soʻm toʻlovlar hamda garov mulkini taqiqqa qoʻyish va taqiqdan chiqarish uchun undirilgan 1,5 mlrd soʻm toʻlovlar, shuningdek kredit shartnomalariga nazarda tutilmagan boʻlsa-da, lekin qarz oluvchilardan undirilgan 54,9 mln soʻm komissiyalarni isteʼmolchilarga qaytarib berishni taʼminlash yuzasidan vazifalar yuklatildi.


