Joriy yil yentyabr oyida o‘tkazilgan xalqaro tezkor-qidiruv tadbiri davomida transmilliy uyushgan narkotik guruhning 6 nafar aʼzosi qo‘lga olindi. Bu haqida Andijon viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona xizmati xodimlari hamkorligida amalga oshirilib, jami 111 kilogramm miqdorda giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
13 sentyabr kuni Farg‘ona viloyatida yashovchi shaxs giyohvandlik vositalarini qabul qilib olayotganda ushlangan. Shuningdek, Andijon viloyatida yashovchi ikki nafar aʼzo 10 kilogramm gashishni ko‘milgan joydan olayotganda qo‘lga tushgan.
Tezkor surishtiruv ishlari davomida yana ikki nafar aʼzo Andijon viloyatidagi oshxonada 6000 AQSH dollari evaziga 1 kilogramm opiy sotib olayotganda ushlangan. Guruhning yana bir aʼzosi esa Toshkent viloyati, Angren shahrida 5 kilogramm opiy qabul qilib olayotganda qo‘lga olindi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur uyushgan jinoiy guruh bir necha yildan buyon Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri hududida giyohvandlik moddalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan. Har bir holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Qolgan aʼzolarni qo‘lga olish bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.


