Joriy yilning 1-oktabridan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Safe Road mobil ilovasi orqali davlat avtomobil raqamlarini sotib olish imkoniga ega bo‘ldi. Endi ilgari auksionga chiqarilgan va sotilmagan 1–3-toifa raqamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilova orqali xarid qilinadi.
- Jismoniy shaxslar uchun: 7 mln so‘m (BHMning 17 baravari)
- Yuridik shaxslar uchun: 10,3 mln so‘m (BHMning 25 baravari)
Xizmat jarayoni sodda: foydalanuvchi avvalo tanlagan raqamni belgilaydi, hudud va raqam formatini tanlaydi, so‘ngra onlayn to‘lovni amalga oshiradi. Ilovada avtomobil turi va boshqa parametrlar bo‘yicha qidiruv imkoniyati mavjud.
Hozirda xizmat test rejimida ishlamoqda, shuning uchun ko‘p foydalanuvchi oqimi sababli qisqa muddatli nosozliklar kuzatilishi mumkin.
2026-yil 1-yanvardan boshlab foydalanuvchilar istalgan harf va raqam kombinatsiyasini tanlab, tegishli to‘lovni amalga oshirish orqali avtomobil raqamini xarid qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Safe Road ilovasi shuningdek avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, texnik ko‘rik, sug‘urta muddati va boshqa xizmatlar bo‘yicha ma’lumot beradi.


