“Mashinasozlar” metro bekatidan Chorvoq shahriga qatnaydigan 1226-sonli shaharlararo avtobus harakati to‘xtatildi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yo‘nalish keyingi yilgacha yopiq qolishi mumkin.
1226-sonli avtobus joriy yil 1 iyuldan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida aholi va sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan. Avtobuslar har kuni “Mashinasozlar” bekatidan Xumson orqali Chorvoqqa har 90 daqiqada qatnar, birinchi reys soat 6:00 da, oxirgisi esa 20:30 da amalga oshirilardi. Yo‘l taxminan 1,5 soat vaqt olardi.
Yo‘nalishda har biri 47 yo‘lovchiga mo‘ljallangan zamonaviy MAN RR3 turistik avtobuslari ishlatilgan. Ularda konditsioner va qulay o‘rindiqlar mavjud bo‘lib, yo‘l haqi 25 ming so‘mni tashkil etgan. To‘lovni naqd yoki karta orqali amalga oshirish mumkin edi.
Avtobuslar Maxtumquli ko‘chasi orqali “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Xo‘jakent turar joy massivi va Chinorkent dam olish maskani yonidan o‘tib, Xumson qishlog‘i orqali Chorvoqqa yo‘l olgan.


