Saudiya Arabistoni Podshohligida o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida nufuzli diniy va jamoat arboblarining tashriflari davom etmoqda. Tadbir mehmonlari orasida Masjid al-Haram bosh imomi, Ikki Muqaddas Masjid ishlari boshqarmasi rahbari shayx Abdul Rahmon Al-Sudays ham bo‘ldi.
Abdul Rahmon Al-Sudays — dunyoga mashhur Qur’on qori va imom bo‘lib, 1984-yildan buyon Makka shahridagi Masjid al-Haramda xizmat qilib kelmoqda. U butun islom olamida tinchlik, bag‘rikenglik va ezgulik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi faoliyatlari bilan tanilgan.
Tadbir davomida Al-Sudays O‘zbekistonning boy madaniy merosi, islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi hamda xalqimizning mehmondo‘stligi haqida iliq fikrlar bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida Musulmonlar Ligasi bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim Al-Issa, Saudiya qirollik oilasi a’zosi malika Rim binti Al-Valid bin Talal Ol Saud, mashhur arab blogeri Naif Hamdan hamda Falastin Davlatining Saudiya Arabistonidagi elchisi ham O‘zbekiston paviloniga tashrif buyurgan edi.


