1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Sport

“Men tarixdagi eng mukammal futbolchiman”

Krishtianu Ronaldu bugun 40 yoshga to‘ldi.

“Men tarixdagi eng mukammal futbolchiman”

 

Kecha, 5-fevral kuni Krishtianu Ronaldu 40 yoshga to'ldi. Yubiley yosh oldidan portugaliyalik futbolchi jurnalist Eduardo Agirrega intervyu berdi. U La Sexta kanalida elon qilindi. Unda Ronaldu tarixdagi eng yaxshi futbolchi va klub nomini aytdi. Kelajak haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi. Hatto "Real Madrid"ga qaytishini ham inkor etmadi. Quyida Ronalduning intervyusidan e’tiborga molik fikrlarini keltiramiz.

 

Mbappe haqida

 

"Agar men Mbappening o'rnida bo'lganimda, hujumchi sifatida o'ynagan bo'lardim. "Real"da bo'lganimda unga shu pozitsiyada o'ynashni o'rgatardim. Men klubda to'qqizinchi raqamda emasdim, lekin markaziy hujumchi sifatida o'ynadim. Odamlar qanot hujumchisi ekanligimni unutishdi. Hujumkor pozitsiya Mbappening o'yinini biroz murakkablashtiradi. "Real Madrid" muxlislariga murojaat qilmoqchiman - Mbappega e'tiborli bo'ling. U juda yaxshi futbolchi va "Real" unga yordam berishi hamda himoya qilishi kerak”.

 

Tarixdagi eng yaxshi futbolchi

 

“Men eng yaxshi to'purar va kuchli futbolchiman. Men hech qachon o'zimdan yaxshiroq futbolchini ko'rmaganman. Buni chin yurakdan aytyapman. Messi, Pele va Maradonani hurmat qilaman. Men futboldagi hamma narsani qila olaman. Boshda yaxshi o'ynayman, jarima zarbalarini a'lo darajada bajaraman va chap oyog‘im bilan ham yaxshi zarba berolaman”.

 

Saudiya Arabistoni yoki MLS

 

“Saudiya Arabistoniga kelishga qaror qilganimda, liga bunchalik tez o'sadi deb o'ylamagandim. Ammo, bir-ikki yil ichida u hozirgidek yuqori darajaga chiqishiga ishonardim. Mazkur chempionatni MLS bilan solishtirish xato".

 

Messi bilan raqobat

 

“Biz 15 yil davomida futbol sahnasini baham ko'rdik va har doim yaxshi munosabatda bo'lganmiz. Esimda, bir marta men unga ingliz tilidan tarjimonlik qilganman. Messi doim menga yaxshi munosabatda bo'lgan, o'z klubi va jamoasini himoya qilgan, men ham shunday. Biz bir-birimizga motivatsiya berganmiz".

 

Murabbiy qanday bo'lishi kerak

 

“Murabbiy sobiq futbolchi bo'lishi kerak. Unday bo'lmasa u muvaffaqiyatga erishishi qiyin bo'ladi. Tarixga nazar tashlasangiz, eng yaxshi 50 nafar murabbiydan 48 nafari avval futbolchi bo'lgan. Lekin, mening sevimli murabbiyim yo'q. Shu bilan birga, menda ham juda yomon murabbiylar bo'lgan. Ular futbol haqida hech narsani tushunishmaydi".

 

Madridga qaytish

 

“Balki faoliyatim tugaganidan keyin nimadir sodir bo'lar. "Real Madrid"dagi faoliyatim futbol nuqtai nazaridan men uchun eng baxtli davr bo'ldi."

 

"Oltin to'p"ga bo'lgan munosabat haqida

 

"Vinisius "Oltin to'p"ga loyiq edi. Bu mukofot endi hech qanday vakolatga ega emas. Men hayron bo'ldim. Vini "Oltin to'p"ga loyiq edi, lekin uni ololmadi, shuning uchun marosimga endi ishonch yo'q."

 

"Manchester Yunayted" o'rniga "Barselona" bo'lishi mumkin edi

 

"Sporting"da o'ynab yurganimda "Barselona"ga o'tishim mumkin edi. Ular men bilan shartnoma imzolashni xohlashdi. Biroq, bu sodir bo'lmadi, chunki transferni keyingi mavsumda tashkil qilishmoqchi edi. "Manchester Yunayted" esa meni darhol olib ketdi".

 

Motivatsiya

 

“Men hali ham mashg'ulot o'tkazishni va futbol o'ynashni yaxshi ko'raman. Sizningcha, men har kuni sport zaliga xohish bilan boramanmi? Yo'q, lekin majburiyat borligi sabab men u yerga boraman".

 

Kelajak

 

“Kelajagim meni rag'batlantiradigan, jamiyatga, yoshlarga yordam beradigan narsalar bilan bog'liq: mehmonxonalar, klinikalar, reabilitatsiya markazlari. O'zimni qiziqtiradigan narsalarni qilaman. Ammo, men bu vaqt yaqin emas deb o'ylayman."

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика