Kelib chiqishi pushtunlardan bo‘lgan Barodar Afg‘on urushida sovet qo‘shinlariga qarshi kurash olib borgan. 1994-yilda Muhammad Umarga “Tolibon” harakatini tashkil etishga yordam bergan. Shuningdek, u Abu Hafs Najda nomi bilan mashhur bo‘lib, harbiy o‘quv lagerlari, yetakchilar va chet elliklarga qarshi hujumlarga bosh-qosh bo‘lgan.
1996-2001 yillarda u harakatning turli lavozimlarida faoliyat olib borgan. Nimroz, Hirot viloyatlari boshlig‘i, Sharqiy Afg‘oniston harbiy okrugi komandiri bo‘lgan. AQSH davlat departamenti uni Kobul harbiy korpusi qo‘mondoni, INTERPOL Mudofa vaziri o‘rinbosari, deb hisoblaydi. 2010-yil 8-fevralda Pokiston razvedkasi tomonidan hibsga olingan Barodar 2013-yil 21-sentyabrda Afg‘oniston hukumati so‘roviga asosan muddatidan avval Pokiston qamoqxonasidan ozod etilgan.
2021-yil 15-avgust kuni “Tolibon” harakati bosimidan so‘ng Ashraf G‘ani isteʼfoga chiqdi. Afg‘oniston hukumati “Tolibon” qo‘liga o‘tdi. Muvaqqat hukumat tuzilib, unga sobiq Ichki ishlar vaziri Ali Ahmad Jaloliy rahbar etib tayinlandi. Maʼlumaotlarga qaraganda, bugun Kobulda Afg‘oniston hukumati hokimiyatni “Tolibon” harakatiga topshirish jarayoni ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ashraf G‘ani Afg‘onistondan chiqib ketib, Tojikistondan boshpana topgan.
Avvalroq Afg‘onistonning 19 ta viloyati Tolibonlar qo‘liga o‘tgani hamda Ashraf G‘ani hokimiyatdan voz kechgani haqida xabar berilgandi.


