Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 22 fevral kuni viloyat IIB JQB, Zarafshon shahar IIB, Milliy gvardiya va FVB xodimlari hamkorligida tashlandiq kon hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida 7 ta guruh tarkibida noqonuniy oltin qazib olayotgan 54 kishi ushlangan. Ular Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Samarqand viloyatining Narpay va Paxtachi, Buxoro viloyatining Shofirkon hamda Vobkent tumanlarida yashovchi fuqarolar bo‘lgan.
Mazkur shaxslar foydali qazilmalarni qazib olish faoliyati bilan lisenziyasiz shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan. Ulardan 4 dona dvijok, 7 dona elektron bolg‘a, 2 ta Ford mashinasi, 2 tonna tarkibida oltin zarralari bo‘lgan tosh-qum, shuningdek, qazish ishlarida ishlatiladigan turli uskunalar, tosh maydalovchi qurilmalar hujjatlashtirib olingan.
Ta’kidlanishicha, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 54 nafar fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilib, ulardan tushuntirish xatlari hamda barmoq izlaridan namunalar olingan. 2 tonna qum esa tarkibida qancha miqdorda oltin borligini aniqlash maqsadida NKMK DK MKBga tegishli laboratoriyaga topshirilgan.