Respublika Tezkor shtabining maʼlum qilishicha, 29 yanvar kuni soat taxminan 16:15 larda Nukus shahri “Temir yo‘l” mahallasi 22 kichik tuman 8/1-uyning 4-qavatida joylashgan xonadonlarning birida gaz va havo aralashmasining chaqnashi tufayli portlash sodir bo‘lgan.
Natijada, uydagi bir nechta xonadonlarning tom va pol qismlari o‘pirilib, 4-qavatdan 1-qavatgacha tushib ketgan.
Hodisa oqibatida 2 nafar fuqaro, yaʼni 2003 yilda tug‘ilgan S.Sh. va 2004 yilda tug‘ilgan Z.A., kuyish jarohati olgan va zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialiga yotqizilgan.
Ushbu voqea yuzasidan Tezkor shtab tuzilgan va uning boshchiligida baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan uyda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda, shu jumladan ushbu uyda yashovchi fuqarolar hatlovdan o‘tkazilib, o‘pirilgan tom va pol qismlari tagida fuqarolar bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, ushbu uyda yashab kelayotgan qolgan fuqarolar evakuatsiya qilinib, vaqtinchalik uy-joy va uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlandi.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hodisa yuzasidan FVV qo‘shimcha maʼlumot berdi. Unga ko‘ra, bino konstruksiyalari orasidan qidiruv-qutqaruv ishlari olib borish jarayonida bir nafar fuqaroning jasadi topildi.
Ayni vaqtda binoning konstruksiyalarini tozalash ishlari davom ettirilmoqda.
Voqea yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot taqdim etiladi.


