Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlagan edi. Ushbu topshiriq asosida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalarni inobatga olgan holda strategiyaning yangi, takomillashtirilgan loyihasi tayyorlandi.
Qayd etilishicha, hujjat O‘zbekistonning kelgusi besh yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beradi. Strategiya loyihasida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, infratuzilma hamda inson kapitalini rivojlantirishga oid ustuvor vazifalar o‘z aksini topgan.
Prezident topshirig‘iga muvofiq, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Fuqarolarning fikr va takliflari asosida hujjat yanada takomillashtirilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda strategiya loyihasi uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Shuningdek, strategiya loyihasi bo‘yicha savol va takliflarni maxsus koll-markazlar orqali ham yo‘llash mumkin. Mutasaddilar jamoatchilik faolligini muhim deb baholab, barcha fuqarolarni muhokamada faol ishtirok etishga chorlamoqda.


