Joriy yilning 25–26-sentyabr kunlari Dehli shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlar Shuhrat Orif va Javlon Jovliyev faol ishtirok etishdi.
Xalqaro tadbir SHHT Kotibiyati, Hindiston Ta’lim vazirligi va ushbu mamlakat Milliy kitob jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya ishtirokchilari “Raqamli davrda ijodiy makon dinamikasi: SHHT yosh mualliflarining muloqoti” mavzusini muhokama qilishdi. Anjumandan ko‘zlangan maqsad — bugungi kunda raqamli texnologiyalar san’at, adabiyot va intellektual almashinuvni qanday o‘zgartirayotganini muhokama qilish uchun SHHTga a’zo davlatlarning yosh yozuvchi va ijodkorlarini birlashtirishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur forumdagi ishtiroki mamlakatimizning SHHT faoliyatidagi, xususan, Tashkilotning yoshlarga oid siyosatini amalga oshirish jarayonidagi izchil va faol pozitsiyasini ifodalaydi. Anjuman mamlakat rahbariyatining iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan tashabbuslarini ilgari surish uchun yana bir xalqaro muloqot platformasini bajardi.
Konferensiya dasturi doirasida o‘zbekistonlik yosh mualliflar asosiy sessiyalarda ma’ruza qilishdi. Shuhrat Orif “An’anaviy va raqamli teleraodioeshittirishning konvergentsiyasi” mavzusidagi muhokamada so‘zga chiqib, O‘zbekistonning zamonaviy kontentni yangi media formatlarga moslashtirish bo‘yicha to‘plagan tajribasini taqdim etdi.
Javlon Jovliyev esa “Ijod va matbaa ishi” sessiyasida ishtirok etib, zamonaviy adabiy jarayonlar va raqamli asrda mualliflar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston vakillarining SHHT yosh mualliflar anjumani kabi muhim xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi katta ahamiyatga ega. Bu nafaqat Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki o‘zbek yoshlarining jahon miqyosida ijodiy va intellektual salohiyati yuksalib borayotganini ham yaqqol namoyon etadi.
SHHT yosh mualliflarining ikkinchi konferensiyasi Dehlida O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Belarus va Erondan 30 ga yaqin muallif va ijodkorlarni birlashtirdi. Birinchi konferensiya ham 2023-yil aprel oyida Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan.


