Ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida Damas avtomashinasi bir nechta fuqarolarni urib yuborgani aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan viloyat IIB YHXB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hodisa 22 sentyabr kuni soat 14:00 larda Sho‘rchi tumani “Navro‘z” mahallasi hududidan o‘tuvchi yo‘lda yuz bergan. 1998 yilda tug‘ilgan haydovchi Damas avtomashinasida harakat vaqtida rul boshqaruv qurilmasida nosozlik yuzaga kelib, qarama-qarshi bo‘lakka chiqib ketib, yo‘lning tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan 3 nafar piyodani turtib yuborgan. Natijada piyodalar olgan tan jarohatlari sababli tuman tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan Sho‘rchi tumani IIB tomonidan yo‘l-transport hodisasi oqibatida olgan tan jarohatining og‘irlik darajasini hamda transport vositasining texnik holatini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy va texnik ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


