O‘zbekistonda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida zamonaviy texnologiyalardan, jumladan, sun’iy intellektdan foydalanishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, prezident topshirig‘iga muvofiq, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini kuchaytirish, giyohvandlik vositalari savdosini aniqlash va ularning ildizini yo‘qotish maqsadida videokuzatuv tizimlari va sun’iy intellekt yechimlari keng joriy etiladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki olti oyida mamlakatda 1890 kg dan ortiq narkotik va psixotrop moddalar musodara qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi umumiy hajmga yaqinlashmoqda. Mutasaddilar ushbu xavfli muammoni butunlay bartaraf etish uchun aholi, ayniqsa, yoshlar orasida profilaktik ishlarni kuchaytirishni rejalashtirgan.
Shu munosabat bilan, Ichki ishlar vazirligi huzurida 24 soat faoliyat yurituvchi koll-markaz tashkil etiladi. Bu markaz orqali fuqarolar narkotiklar haqida ishonchli ma’lumot olishi, zarur holatlarda murojaat qila olishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, "Xavfsiz va sog‘lom mamlakat" konsepsiyasi doirasida muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot va tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi belgilandi. 2024-yil bahorida o‘tkazilgan bunday tadbirlar chog‘ida 334 kg narkotik vosita, 17 mingdan ortiq tig‘li buyum musodara qilingan, mingga yaqin qidiruvdagi shaxslar qo‘lga olingan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, O‘zbekistonda giyohvandlik yoshariyapti — ayrim holatlarda 10 yoshli bolalar ham dispanser nazoratiga tushmoqda. Giyohvandlikka psixologik bosim va oilaviy muhit muhim sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil may oyida O‘zbekistonda 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya tasdiqlangan bo‘lib, unda chegaralarni narkotiklar kirib kelishidan himoya qilish, internet orqali savdoning oldini olish va davolash xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.


