1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotini modernizatsiya qilish jarayonida asosiy ishtirokchiga aylandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatning tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishi unga yangi siyosiy va iqtisodiy mazmun berdi.

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotini modernizatsiya qilish jarayonida asosiy ishtirokchiga aylandi

2019 yilda O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga (ilgari – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi) aʼzo bo‘lishi mazkur tuzilma rivojida tub burilish yasadi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatning tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishi unga yangi siyosiy va iqtisodiy mazmun berdi, uning mintaqaviy hamkorlik platformasi sifatidagi rolini kuchaytirdi.

 

2022 yilda O‘zbekiston raisligida o‘tkazilgan Samarqand sammiti TDT faoliyatidagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan muhim hujjatlar – “Samarqand deklaratsiyasi”,  2022-2026 yillarga mo‘ljallangan TDT strategiyasi, shuningdek, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi qabul qilindi.

 

Ushbu qarorlar aʼzo davlatlarning iqtisodiyot, transport, raqamlashtirish, taʼlim, fan, “yashil” energetika va madaniyat sohalaridagi hamkorligining uzoq muddatli kun tartibini belgilab berdi.

 

O‘zbekiston raisligi davrida (2022-2023 yillar) tashkilot doirasida qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy moliyaviy vositasiga aylanishi ko‘zda tutilgan Turkiy investitsiya jamg‘armasi ustida ish olib borildi. Ishtirokchi mamlakatlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro transport bog‘liqligini rivojlantirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni ham kuchaytirdilar.

 

Turkiy hamkorlikning gumanitar va yoshlar yo‘nalishlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. Buxoroda TDT mamlakatlari yosh yetakchilari forumi bo‘lib o‘tdi, ushbu shaharning o‘zi esa ilk marta “Turkiy dunyoning yoshlar poytaxti” deb eʼlon qilindi. Ushbu qadamlar O‘zbekistonning tashkilot gumanitar siyosatidagi faol ishtirokchi sifatidagi rolini mustahkamladi.

 

TDT maydonida O‘zbekiston transport va logistika bo‘yicha o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, xususan, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevropani bog‘laydigan O‘rta (Transkaspiy) transport yo‘lagini rivojlantirish g‘oyalarini ham izchil ilgari surmoqda. Ushbu yo‘nalish TDTning rasmiy hujjatlarida iqtisodiy integratsiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida tilga olinmoqda.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida TDT sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi – u endi oddiy maslahatlashuv tuzilmasidan real amaliy maqsadlariga ega bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning ko‘p tomonlama mexanizmiga aylandi.

 

Gabalada o‘tayotgan sammit (2025 yil 6-7 oktyabr) ushbu yo‘nalishning davomi bo‘ladi. TDTning mustaqil mintaqaviy kuch markazi sifatidagi roli kuchayib borayotgani sharoitida O‘zbekiston yana bir bor iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish, transport aloqalarini rivojlantirish va turkiy dunyo birligini mustahkamlashga qaratilgan aniq tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

 

O‘zbekiston turkiy birdamlik ramzlarda emas, balki aniq ishlarda – mintaqada barqarorlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlaydigan qo‘shma loyihalar, investitsiyalar, infratuzilma va bilim almashishda ifodalanishi kerak, degan qatʼiy ishonchdan kelib chiqib harakat qilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика