O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari “Aholini zararli shovqinlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qullab, uni Senatga yubordi. Ushbu hujjat aholining tinchligini ta’minlash, zararli shovqinlarga qarshi kurashish va dam olish huquqini himoya qilishga qaratilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, dam olish va bayram kunlarida ko‘p qavatli uylarda rekonstruksiya, ta’mirlash yoki qurilish ishlari o‘tkazish taqiqlanadi. Ish kunlarida esa bunday faoliyat faqat soat 9:00 dan 18:00 gacha ruxsat etiladi.
Bundan tashqari, tinchlikni buzish taqiqlangan vaqt oralig‘i ham kengaytirilmoqda:
ish kunlarida — 23:00 dan 07:00 gacha (ilgari 23:00–06:00 edi);
dam olish va bayram kunlari — 22:00 dan 09:00 gacha.
Hujjatda tinchlikni buzgan shaxslar va tashkilotlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik kuchaytirilishi, shuningdek, zararni sud tartibida qoplash tartibi belgilanishi nazarda tutilgan. Shovqin manbaini bartaraf etish majburiy bo‘lib, tovonsiz bu majburiyat bekor qilinmaydi.
Shuningdek, ruxsat etilgan darajadan yuqori shovqin kuzatilgan ishlab chiqarish obyektlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq oshirilgan ish haqi to‘lanadi. Qoidabuzarliklar muntazam takrorlansa, korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Deputatlar ushbu tashabbus fuqarolarning osoyishta hayot kechirish, sog‘lom psixologik muhitda yashash va dam olish huquqini himoya qilishini ta’kidlashdi. Qonun Senat tomonidan ma’qullansa va Prezident tomonidan imzolansa, yangi tartiblar amaliy kuchga kiradi.


