Navoiy viloyatida yashovchi erkak turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish jarayonida bo‘lgan paytda uni “Damas” rusumli avtomashina bilan qasddan urib yuborgan. Oqibatda ayol og‘ir tan jarohati olib, falaj holatga tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, er-xotin o‘rtasidagi nizo sudgacha yetib borgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi 2025-yil 12-avgust kuni ularning nikohini bekor qilish bo‘yicha ishni ko‘rib chiqib, uch oylik yarashuv muddatini belgilagan va erkakni to‘rt nafar farzandi uchun aliment to‘lash majburiyatini yuklagan.
Sud qaroridan keyin erkak turmush o‘rtog‘iga tahdidli xabarlar yuborib, aliment to‘lovlarini to‘xtatishni talab qilgan. 14-avgust kuni ertalab u ayolini yo‘l chetida ketayotgan vaqtida avtomobil bilan urib yuborgan. Ayol umurtqa pog‘onasidan jarohat olib, falaj holatga tushgan va hozirda og‘ir ahvolda shifoxonada davolanmoqda.
Holat yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu bilan birga, jabrlanuvchi yaqinlari voqea ataylab sodir etilganini aytib, tergovning adolatli olib borilishini so‘ramoqda.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.


