1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkentda “Uzbek Import Fair-2025” ko‘rgazmasi boshlandi

Ko‘rgazmada ishlab chiqarish salohiyati yuqori, ammo eng ko‘p import qilinayotgan 3 ming turdagi tovarlar namoyish etilmoqda.

Toshkentda “Uzbek Import Fair-2025” ko‘rgazmasi boshlandi

Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da Davlat Bojxona qo‘mitasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamkorligida mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan “Uzbek Import Fair 2025” I-Xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Tadbir “Mahalliy kontentni oshirishda importni optimallashtirish” mavzusiga bag‘ishlangan.

 

Ochilish marosimida vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro brendlar, investorlar, distribyutorlar hamda respublikaning barcha hududlaridan tadbirkorlar ishtirok etdi.

 

 

Ko‘rgazmada AQSh, Vengriya, Koreya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Slovakiya, Quvayt va Yaponiya kabi davlatlardan 30 ga yaqin xorijiy kompaniyalar qatnashmoqda. Bu tadbirni xalqaro hamkorlik platformasiga aylantirmoqda.

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda import hajmi ortib bormoqda. Xususan, 2022 yilda 19 foiz, 2023 yilda 31 foiz, 2025 yilning dastlabki 8 oyida 10 foizga oshgan.

 

Asosiy import mahsulotlari — texnologik uskuna, metall, transport vositalari, oziq-ovqat, elektr texnika va yoqilg‘i-energetika tovarlaridir.

 

Litiy-ion akkumulyatorlar importi 2024 yilda 160,5 mln dollarni tashkil etdi (2021 yilga nisbatan 40 barobar ko‘p). Tahlillar mahalliy ishlab chiqarish xarajatlari importdan ancha arzonligini ko‘rsatmoqda. “Nurlikon” konidagi litiy zaxiralari bu yo‘nalishda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkonini beradi.

 

 

Shuningdek, 2024 yilda avtomobil motor moylari importi 94 mln dollarga yetgan. Shu sababli bazaviy moy ishlab chiqarish zavodini qurish va qo‘shimchalarni mahalliylashtirish orqali importni qisqartirish rejalashtirilmoqda.

 

Ko‘rgazmada ishlab chiqarish salohiyati yuqori, ammo eng ko‘p import qilinayotgan 3 ming turdagi tovarlar namoyish etilmoqda. Maqsad — mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ushbu mahsulotlar bilan tanishtirish, yangi loyihalar uchun amaliy imkoniyatlar yaratishdir.

 

 

Tadbir 2 ta pavilyonda, 24 tematik yo‘nalishda (oziq-ovqat, farmatsevtika, kimyo, to‘qimachilik, transport ehtiyot qismlari va boshqalar) tashkil etilgan. Shuningdek, importni optimallashtirishga bag‘ishlangan panel sessiyalar ham o‘tkazilmoqda.

 

“Uzbek Import Fair 2025” – bu nafaqat mahsulotlar ko‘rgazmasi, balki mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, importni qisqartirish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim platformadir.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика