2025 yilning uchinchi choragida HeadHunter (hh.uz) platformasida eʼlon qilingan ish haqlari o‘rtacha 20,2 foizga kamaydi. Ayrim sohalarda maoshlar 72 foizgacha qisqargan.
Shu bilan birga, ish takliflari soni 24 foizga oshdi — iyul–sentyabr oylarida platformada 33 mingdan ortiq faol ish o‘rinlari joylashtirilgan. Biroq Toshkentdagi takliflar 81,9 foizga kamaygan, Jizzaxda esa 1,5 baravar, Namanganda 49 foiz, Andijon, Farg‘ona, Buxoro va Samarqandda 40 foizdan ortiq oshgan.
Uchinchi chorakda o‘rtacha maosh 4,36 million so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 20,2 foizga kam. Eng yuqori o‘rtacha maosh Toshkentda — 5,08 million so‘m. Ammo poytaxtda ham maoshlar 41 foizga pasaygan. Navoiy, Qarshi va Chirchiqda bu ko‘rsatkich mos ravishda 100, 92 va 22 foizga yaqin kamaygan.
Eng katta o‘sish Andijonda (+25 foiz), shuningdek, Samarqand va Farg‘onada (+2,7 foiz) qayd etilgan. Oliy va o‘rta boshqaruv sohasida o‘rtacha maosh 8,94 million so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 13,7 foizga kam. Keyingi o‘rinlarda yuristlar (6,5 mln so‘m), avtomobil biznesi (6,48 mln), qishloq xo‘jaligi (6,16 mln) va investitsiya–konsalting (5,44 mln) sohalari joylashgan.
Eng past o‘rtacha ish haqlari xavfsizlik (1,59 mln), sug‘urta (2,36 mln), uy xizmati (2,4 mln) va umumiy ovqatlanish (2,65 mln) sohalarida kuzatilgan. IT sohasida o‘rtacha maosh 4,35 million so‘mni tashkil etgan. Maʼmuriy xodimlar uchun ish haqi 72,6 foizga kamayib, 3,13 million so‘mga tushgan. Qurilish sohasida 4,1 million (-62,5%), moliya va buxgalteriyada 5,02 million so‘mgacha (-47,7%) pasayish qayd etilgan.
HeadHunter maʼlumotlariga ko‘ra, eng ko‘p ish o‘rinlari savdo (15%), marketing va reklama (11%) sohalarida eʼlon qilingan. Fitnes, sport va go‘zallik yo‘nalishlari 7,8 foiz, avtomobil biznesi 6,7 foiz ulushga ega. Eng kam takliflar sug‘urta (0,1%), xavfsizlik va huquq (0,6%) sohalarida. Shuningdek, sug‘urta sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari soni 2,5 baravar oshgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday o‘zgarishlarga taklif tuzilmasidagi o‘zgarishlar, mavsumiy omillar va ommaviy bo‘sh ish o‘rinlari ulushining ko‘payishi sabab bo‘lgan.


