Bugun, 15 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda yangi, strategik bosqichga ko‘tarilgani taʼkidlandi.
Taʼkidlanishicha, hozirda qo‘shma loyihalar portfeli 27 milliard dollardan oshgan. Faqat joriy yilning o‘zida 2 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.
Har haftadagi 60 tadan ziyod aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi 15 milliard dollarlik shamol va quyosh elektr stansiyalari qurish loyihalarini amalga oshirmoqda.
Shuningdek, Data Volt kompaniyasi Toshkentda zamonaviy data-markaz qurish ishlarini boshlagan. Miahona kompaniyasi suv taʼminoti va chiqindi suvlarni tozalash loyihalarida, jumladan Qoraqalpog‘istonda faol ishtirok etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, saudiyaliklar bilan hamkorlik nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki Yangi O‘zbekistonning texnologik va ekologik barqaror kelajagini qurishga xizmat qiladi.


