Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahridagi xususiy universitet xodimi Z.O. fuqaro T.M.ning ishonchiga kirib, tanishlari orqali unga qo‘shni davlat — Qozog‘iston yoki Tojikistondagi oliy ta’lim muassasasining 2-kursini tamomlaganlik haqida soxta hujjat tayyorlab berishni va o‘zi ishlayotgan universitetning 3-kursidan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. U bu evaziga 1 500 AQSh dollarini olayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, Departamentning Taxtako‘pir tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro I.J. fuqaro M.O.ning ishonchiga kirib, go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uni Nukus shahridagi tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olayotganida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan har ikkala shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


