Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida joylashgan “Anglesey Food” MChJning zamonaviy mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazi faoliyatini borib ko‘rdi.
Mazkur korxona “Korzinka” do‘konlar tarmog‘i uchun oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, saralash, qadoqlash va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadi. 10 gektar maydonda joylashgan majmuaning 49 ming kvadrat metr qismi ombor sifatida tashkil etilgan. Qurilish va sovutish tizimlari uchun uskunalar Xitoy, Turkiya, Belarus va Rossiyadan keltirilgan bo‘lib, ular “EDGE Advanced” xalqaro energiya samaradorligi sertifikatiga ega.
Ushbu loyiha Markaziy Osiyoda “A” sinfida baholanadigan eng yirik logistika va taqsimot markazlaridan biri hisoblanadi. Majmua bir vaqtning o‘zida 145 ta darvozada yuklarni qabul qilish va jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘lgan zamonaviy tezlatuvchi qurilmalar bilan jihozlangan.
Markaz tarkibida turli mahsulot toifalariga mos 4 xil haroratli zona mavjud. Shu sababli tovarlar muzlatkich, past haroratli kamera yoki quruq omborlarda saqlanishi mumkin. Shuningdek, kecha-kunduz ishlovchi, 96 ta zamonaviy sputnik tizimiga ega maxsus laboratoriya tashkil etiladi.
Loyiha doirasida mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tashrif yakunida Prezident jamoatchilik vakillari bilan suhbatda O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlarning ishonchi, mamlakatda olib borilayotgan oqilona iqtisodiy siyosat va uning natijalari haqida so‘z yuritdi.
— So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimizga 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilindi. Bu mablag‘lar hisobidan yuzlab yangi zavod va korxonalar ishga tushdi. Bugun esa yana bir yirik loyiha — yangi xalqaro aeroport qurilishini boshladik. Unda Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Koreya investorlari ishtirok etmoqda. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, bu — O‘zbekiston kelajagiga bo‘lgan katta ishonch belgisi, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.


