2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani ortidan ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini mazkur yo‘nalishda bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida Prezidentning 16-sonli Farmoni asosida tegishli davlat dasturi qabul qilindi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida ekologik muvozanatni saqlash va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, 18 ta ekologik normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi. Bahorgi koʻchat ekish mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 137 million tup ko‘chat ekildi. 13,8 million dona ko‘chat aholiga, ta’lim va tibbiyot muassasalariga yetkazib berildi. 6,1 million tup daraxt ekilib, “yashil belbog‘”lar barpo etildi.
Shuningdek, 570 ta “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari” loyihasi ovozga qo‘yish uchun shakllantirildi. “Ochiq budjet” orqali 174 loyiha g‘olib bo‘ldi. Toshkent shahrida 337 ming tup daraxt “Yashil makon” platformasi orqali pasportlashtirildi. Tuproq-iqlim sharoitlariga mos ko‘chatlarni yetishtirish maqsadida 1 300 gektarda niholxona-ko‘chatxonalar tashkil etilib, 123 million dona nihol va ko‘chatlar parvarishlanmoqda.
O‘rmon maydonlarini kengaytirish borasida ham muhim natijalarga erishildi. Respublikada 130 ming gektar, Orolbo‘yi hududida esa 126,2 ming gektar o‘rmon barpo etildi. 746 tonna urug‘ zaxirasi jamg‘arildi. Tog‘ va adirliklardan iborat 14 ta tumanda 41 gektar yerda terassa uslubidagi o‘rmonlar yaratildi.
Sanoat va chiqindilar bilan bog‘liq ekologik ta’sirlarni kamaytirish bo‘yicha ham sezilarli ishlar qilindi. 44 ta korxonada 47 ta chang-gaz tozalash uskunalari modernizatsiya qilindi, 2 ta korxonada esa yangi uskunalar o‘rnatildi. 74 ta korxona uchun oqova suv tozalash infratuzilmasini barpo qilish rejalashtirildi, 18 tasida esa bu ishlar allaqachon yakunlandi. Toshkentning 6 tumanida 7 ta atmosfera havosini kuzatish avtomatik stansiyalari o‘rnatildi.
Qolaversa, 976 gektar yer maydoni rekultivatsiya qilindi, 27 ta maishiy chiqindi poligoni yopilib, qayta tiklandi. 56 ta chiqindi yig‘ish nuqtasida qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borildi.
Bu kabi tizimli ishlar yurtimizda ekologik barqarorlikni mustahkamlash va aholi salomatligi uchun qulay muhit yaratishga xizmat qilmoqda.


