O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan “Adworld Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qator qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.
Ushbu kompaniya xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini amalga oshirish uchun qonun talab qiladigan litsenziyaga ega bo‘lmasdan, fuqarolardan pul mablag‘larini olib, ularni aldab kelgani fosh bo‘ldi. Aniqlanishicha, mazkur firma Chernogoriya, Serbiya, Litva, Angliya, Norvegiya, Ummon va Yaponiya kabi davlatlarda mavjud ish o‘rinlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali faol reklama qilib, “konsalting xizmati” niqobi ostida amalda noqonuniy bandlik faoliyati bilan shug‘ullangan.
Alohida qayd etish joizki, ushbu holatni ba’zi ijtimoiy tarmoqlardagi blogerlar ham ommaga keng targ‘ib qilgan. Ular orqali berilgan noto‘g‘ri reklama natijasida ko‘plab fuqarolar kompaniya xizmatlariga ishonib, katta miqdorda mablag‘ to‘lagan, biroq va’da qilingan ish joylari va vizalarni ololmagan.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, “Adworld Group” MCHJga 112,5 million so‘m miqdorida jarima belgilandi. Biroq belgilangan jarima ko‘ngilli ravishda to‘lanmagani sababli, mablag‘ni undirish bo‘yicha sudga murojaat qilindi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni faqat davlat organlari yoki ruxsat etilgan xususiy bandlik agentliklariga murojaat etishga chaqirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy manbaga ega bo‘lmagan e’lonlar va reklamalarga ishonish orqali, fuqarolar o‘z mablag‘lari va huquqiy himoyasini xavf ostiga qo‘ymoqda.


