7-avgust kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani hududida noma’lum shaxsning jamiyatda odob-ahloq va yurish-turish qoidalarini mensimasdan jamoat joyida yurgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, 2006-yilda tug‘ilgan A.A. ismli shaxs Chilonzor tumani 19-mavze hududida yalang‘och holda jamoat joyida harakatlangan. Bu harakati bilan u fuqarolar orasida norozilik va e’tirozlarga sabab bo‘lgan.
Hududiy profilaktika inspektori tomonidan mazkur fuqaro mast holatda ko‘p qavatli uylar oldidagi o‘rindiqlardan birida uxlab yotgan holatda aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi – “Mayda bezorilik” alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga yuborilgan.
Tegishli tartibda qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanadi.


