O‘zbekistonda Meta kompaniyasining rasmiy vakolatxonasini ochish masalasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) va Amerika texnologik giganti vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda tomonlar Meta platformalarining mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish, raqamli sohada o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va foydalanuvchilar uchun xavfsiz raqamli muhitni ta’minlash masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, reklama joylashtirish va ilgari surish jarayonida firibgarlik holatlarining oldini olish, shaffoflikni oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Uchrashuv davomida kontent monetizatsiyasi mexanizmlarini rivojlantirish hamda O‘zbekistondagi raqamli kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Meta kompaniyasi Facebook, Instagram, WhatsApp va Threads kabi ijtimoiy tarmoqlarning egasi sifatida O‘zbekistonda raqamli infratuzilma va reklama bozori rivojiga hissa qo‘shish niyatida ekani qayd etildi.


