Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida O‘zbekistonda ilk bor murakkab yurak klapani operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Amaliyot 6 yoshli bemorda o‘tkazilib, uch tabaqali klapandagi jiddiy shikast tufayli u butunlay olib tashlandi. Jarrohlar bemorning o‘z yuragi o‘ng bo‘lmachasi quloqchasidan yangi klapan shakllantirib, uni o‘rnatdi. Mazkur usul odatda faqat yuqori texnologiyaga ega rivojlangan tibbiyot markazlarida qo‘llanadi.
Operatsiyani bolalar kardiojarrohi Bobur Turaev amalga oshirdi. U yosh bo‘lishiga qaramay, mingdan ziyod bolalarda muvaffaqiyatli yurak operatsiyalarini o‘tkazgan. 2018–2019 yillarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi asosida Buyuk Britaniyaning University College London universitetida tahsil olgan va dunyoning 10 dan ortiq ilg‘or klinikalarida tajriba orttirgan.
Joriy yilning dastlabki sakkiz oyida Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar klinikasida bo‘lim mudiri N. Ibragimov rahbarligida 500 ga yaqin yurak operatsiyasi bajarilgan bo‘lib, ularning katta qismida B. Turaevning ham bevosita ishtiroki bor.


