So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda go‘yoki “rasmiy” diniy ta’lim olishga chaqiruvchi e’lonlar tarqalmoqda. Rasmiy ko‘rinishda taqdim etilayotgan bu o‘quv markazlari amalda O‘zbekiston tegishli idoralari tomonidan tan olinmagan hamda noqonuniy faoliyat yurituvchi muassasalar hisoblanadi.
Mutasaddilar ogohlantirishicha, bunday chaqiriqlar ko‘pincha diniy aqidaparastlik va mutaassiblik g‘oyalarini targ‘ib qiladi, yoshlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlaydi va dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli ota-onalardan farzandlarining internetdagi faoliyatiga, kimlar bilan muloqot qilayotganiga va qanday takliflarga javob berayotganiga e’tiborli bo‘lish so‘ralmoqda.
Rasmiy diniy ta’lim O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi ta’lim muassasalarida beriladi. Hozirda idora tasarrufida 4 ta oliy, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi hamda 28 ta “Qur’on va tajvid” kurslari mavjud bo‘lib, so‘nggi yillarda ularda 77 mingga yaqin fuqaro bilim olgan. Bundan tashqari, “muslim.tv” platformasida barcha yoshlar uchun onlayn Qur’oni tajvidi darslari tashkil etilgan.
Shuningdek, xorijiy diniy ta’lim muassasalarining diplomlari O‘zbekiston hududida diniy sohada faoliyat yuritish uchun asos bo‘la olmaydi. Bu esa ta’limdan so‘ng ishga joylashishda jiddiy qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
