Migratsiya agentligi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga qurolli mojarolarda ishtirok etish qat’iyan taqiqlanganini yana bir bor eslatdi. So‘nggi vaqtlarda ayrim davlatlarda mehnat migrantlarini jangovar harakatlarga yollash holatlari ko‘paygani qayd etildi.
Taqiqlangan harakatlar qatoriga qurolli mojaro hududlariga yaqinlashish, harbiy operatsiyalarda qatnashish, xorijiy qurolli kuchlar yoki kuch tuzilmalari safidan joy olish hamda yollash takliflariga rozi bo‘lish kiradi.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154¹-moddasiga ko‘ra, xorijda yollanma asosida harbiy xizmat o‘tash 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shubhali takliflar yoki vaziyatlarda fuqarolar mamlakat elchixonalari, konsulliklari yoki Migratsiya agentligi vakolatxonalariga murojaat qilishi kerak.
Agentlik fuqarolardan hayot va erkinlikni asrash, faqat qonun doirasida harakat qilishni so‘radi. Shu bilan birga, noqonuniy jangovar faoliyatga qo‘shilish nafaqat hayot uchun xavfli, balki kelajak imkoniyatlarini ham butunlay yo‘qqa chiqarishi ta’kidlandi.


