O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy etilmoqda. Ushbu tizim orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rganishlari yoki chet tillarini bepul o‘zlashtirishlari mumkin bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar vakillari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar bepul ta’lim olish huquqiga ega bo‘ladilar. Kurslar uch oydan ortiq davom etgan taqdirda, tinglovchilarga stipendiya ham tayinlanadi.
Kasbiy ta’lim va chet tillarini o‘qitish jarayoni davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari orqali amalga oshiriladi. Bu maqsadda alohida reestr shakllantiriladi va unda ishtirokchi ta’lim muassasalari ro‘yxatga olinadi. Ularning xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, ta’lim muassasalariga qo‘yiladigan talablar va ularning ro‘yxatdan o‘tish tartibi ecosys.mehnat.uz elektron platformasida e’lon qilinadi.
Mazkur qaror ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish hamda fuqarolarning bandligini ta’minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.


