O‘zbekistonda pullik avtomobil yo‘llarida harakatlanish tezligi soatiga 150 kilometrgacha ruxsat etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan muhokamada Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bosh yuridik maslahatchisi Hasan Umarov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi umumiy foydalanishdagi yo‘llarda maksimal tezlik soatiga 90 km etib belgilangani holda, pullik yo‘llarda ushbu ko‘rsatkich 150 km/soatgacha oshiriladi.
“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida’gi yangi qonun kuchga kirgach, Yo‘l harakati qoidalariga ham mos o‘zgartirishlar kiritiladi. Jarima va ma’muriy choralarning tartibi oddiy yo‘llardagi kabi qoladi”, — dedi Umarov.
Mutaxassisning qayd etishicha, pullik yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yengil avtomobillar va yuk transporti uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu chora xavfli quvib o‘tish holatlarining oldini olishga yordam beradi.
Shuningdek, yangi turdagi yo‘llar chorraha va svetoforlar bilan to‘qnashmaydigan, uzluksiz harakatni ta’minlovchi konstruksiyada quriladi.
“Yo‘llar ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar orqali turli darajada kesishadi. Bu esa tirbandliklarni kamaytiradi va transport oqimini silliq qiladi”, — deya tushuntirdi Hasan Umarov.


